Angren universiteti jamoasi tomonidan Samarqchug qishlog‘idagi qir-adirlarda ekologik aksiya tashkil etildi
Angren shahri hududidagi Samarqchug qishlog‘ida joylashgan qir-adirlarda keng ko‘lamli ekologik tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir Angren universiteti rahbariyati va universitet talabalari tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda 50 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar, 400 nafarga yaqin talaba-yoshlar hamda xorijlik talabalar faol ishtirok etib, hududdagi turli maishiy chiqindilar yig‘ishtirildi hamda qir-adirlar va atrof-muhit tozalanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbirga mahalla nuroniylari ham taklif etildi. Yoshlar va nuroniylar o‘rtasidagi samimiy muhitni mustahkamlash maqsadida osh damlanib, barcha ishtirokchilarga tarqatildi.
Shuningdek, tadbir davomida talaba-yoshlar o‘rtasida milliy va sport o‘yinlari ham tashkil etildi. Arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi qiziqarli bellashuvlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, jamoaviy birdamlik va ahillik muhitini yanada kuchaytirdi.
Ushbu ekologik aksiya yoshlarni tabiatni asrash, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish, milliy qadriyatlarni ulug‘lash hamda jamoaviy mehnatga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi