Angren universitetining Hindistondagi targ‘ibot ishlari davom etmoqda
Angren universiteti delegatsiyasi tomonidan Hindistonning Ahmedobod va Haydarobod shaharlarida universitetning xalqaro ta’lim dasturlariga bag‘ishlangan seminarlar hamda uchrashuvlar muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Tadbirlar davomida ta’lim konsultantlari, abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, Angren universitetining ta’lim yo‘nalishlari, zamonaviy o‘quv infratuzilmasi, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminarlar yakunida Angren universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan bir qator ta’lim agentliklari va konsultantlar bilan rasmiy hujjatlar imzolandi. Mazkur hujjatlarga muvofiq, ularga Angren universitetining rasmiy hamkori (Official Partner) maqomi berildi. Ushbu maqom hamkorlarga universitet nomidan talaba jalb etish hamda qabul jarayonlarini belgilangan tartibda amalga oshirish huquqini beradi.
Mazkur uchrashuv va seminarlar Angren universitetining Hindistondagi hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish, universitetning xalqaro nufuzini mustahkamlash hamda xorijiy talabalar sonini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.