Payshanba — yoshlar bilan ochiq muloqot kuni
“Pedagogika va tillar” fakulteti, “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi tomonidan haftaning payshanba kuni o‘tkaziladigan “Yoshlar bilan uchrashuv kuni” doirasida mazmunli va yuksak saviyada tashkil etilgan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yangi Oʻzbekistonga mos kelajak avlod” g‘oyasi asosida BT 24-1 hamda BT 24-2 guruh talabalari ishtirokida tashkil etilib, unda yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirish, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga yo‘naltirilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti U.N. Abdiyev tomonidan “Kasbiy hayot strategiyasi” mavzusida chuqur mazmunli, mantiqiy va kreativ yondashuvga asoslangan ma’ruza taqdim etildi. Ma’ruza nafaqat nazariy bilimlarga, balki amaliy hayotiy misollarga boy bo‘lib, talabalarni faol fikrlashga undadi.
Ma’ruza jarayonida quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
kasbiy rivojlanishda to‘g‘ri strategiya tanlash va maqsad qo‘yish
biznes va karyera yo‘lida zarur ko‘nikmalarni shakllantirish
oila va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlash
moliyaviy savodxonlik, pul boshqaruvi va investitsiya tushunchalari
jamiyatda faol bo‘lish va ijtimoiy mas’uliyatni his etish
ma’naviy rivojlanish, ichki xotirjamlik va shaxsiy o‘sish
Bundan tashqari, tadbir davomida matematika fanini o‘qitishda zamonaviy STEAM yondashuvining ahamiyati haqida ham fikr yuritildi. Ushbu yondashuv orqali talabalar bilimni faqat nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham o‘zlashtirishi, kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbirda “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri F.B. Kurbanov hamda kafedra professor-o‘qituvchilari X. Kuralova, G.E. Gazibekova va N.T. Xodjimatovalar ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari bilan faol qatnashdilar.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan berilgan savollar, bildirilgan fikrlar va olib borilgan bahs-munozaralar tadbirning yanada jonli va samarali o‘tishiga xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilarga nafaqat yangi bilim va tushunchalar berdi, balki ularning kelajak rejalari haqida jiddiy o‘ylashga, o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yishga undadi.
Mazkur uchrashuv talabalar va o‘qituvchilar uchun katta ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishlab, ular o‘rtasidagi samimiy muloqotni yanada mustahkamladi.