Hurmatli professor-o‘qituvchilar, xodimlar va universitet jamoasi a’zolari!
Sizlarni kirib kelayotgan Yangi — 2026-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Azizlar Sizlarga ma’lumki, ortda qolayotgan 2025-yil Angren universiteti hayotida muhim yutuqlar, barqaror rivojlanish va katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Avvalo, bu natijalarning barchasi sizlarning fidokorona mehnatingiz, mas’uliyat va tashabbuskorligingiz samarasi ekanini alohida ta’kidlashni istayman.
Joriy yil davomida universitetimiz talabalari soni 5300 nafardan oshdi. Bu — ta’limimizga bo‘lgan ishonch va e’tibor ortib borayotganining yaqqol dalilidir.
5 nafar xodimimiz dissertatsiya himoyasiga chiqib, ilmiy salohiyatimiz yuksalishiga munosib hissa qo‘shdi.
Talabalarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar ham izchil yaxshilanmoqda: mavjud yotoqxona to‘liq ta’mirlanib, qo‘shimcha ravishda yangi yotoqxona bilan ta’minlandik. Bundan tashqari, universitetimizda xorijiy talabalarni jalb qilish jarayoni yo‘lga qo‘yildi va bugungi kunga qadar 30 nafardan ortiq xorijlik talabalar Angren universitetida tahsil olmoqda.
Bir nafar talabamiz Prezident stipendiyasini olgan bo’lsa yana 3 nafar talabamiz ushbu o’quv yili uchun davlat stipendiyasiga taqdim etildi.
Bu yutuqlar kelgusida yanada katta marralarni zabt etishimiz uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ishonchim komilki, yangi yilda ham jamoamiz bilan birgalikda ta’lim va ilm-fan sohasida yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishamiz.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik va kasbiy faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman. Yangi yil har biringizga quvonch, fayz-baraka va ezgu imkoniyatlar olib kelsin!
2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” xamda "Yangi yil" barchangizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Angren universiteti rektori Mutalov Shuhrat Ahmadjanovich