“Sog‘lom hayot – bizning tanlovimiz! Biz narkotiklarga qarshimiz!”


Bugungi kunda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni zararli odatlardan, ayniqsa, narkotik moddalardan himoya qilish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan universitetimizda “Sog‘lom hayot – bizning tanlovimiz! Biz narkotiklarga qarshimiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.


Tadbirda Toshkent viloyati narkologiya dispanseri vrach-narkologi Shaismatova Gulbahor Hikmatovna, Davolash ishi fakulteti dekani Ismatullayeva Sohiba O‘ktamovna hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida narkotik moddalarning inson salomatligi, ruhiy holati va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida keng qamrovli ma’lumotlar berildi.


Mutaxassislar ta’kidlaganidek, giyohvandlik nafaqat jismoniy, balki ruhiy kasalliklarga ham olib keladi, shuningdek, jinoyatchilik va turli ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.


Shuningdek, tadbir davomida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar orasida sport va faol hayotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, zararli illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada yoshlarning ongli, mas’uliyatli bo‘lishi va kelajak uchun to‘g‘ri tanlov qilishi muhim ekani alohida qayd etildi.


Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar hamda sog‘lom hayot tarziga amal qilish, narkotik moddalarga qarshi kurashishda faol bo‘lishga chaqirildilar.


Bunday tadbirlar yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.