Yoshlar bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish — ochiq muloqot markazida
Angren universiteti “Iqtisodiyot va huquq” fakultetining “Iqtisodiyot” va “Moliya” yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvni Angren universiteti rektori Mutalov Shuxrat Axmadjonovich ochib berdi.
U o‘z nutqida mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi bitiruvchi yoshlarni kelgusi kasbiy faoliyatga puxta tayyorlash, ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishiga ko‘maklashish hamda ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, imtiyoz va yengilliklar haqida atroflicha tushuntirish berildi.
So‘zga chiqqan Rejamat Jurabayevich Turunsunboyev yoshlarni halol mehnat qilishga, qonuniy va shaffof faoliyat yuritishga undadi. U soliq madaniyatini oshirish har bir fuqaroning mas’uliyati ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishda yoshlarning faolligi muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Shahar hokimi Alisher Rayimov o‘z nutqida bitiruvchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi. U yoshlarning bilim va salohiyati mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Bekzod Shamirzayev tomonidan soliq tizimidagi so‘nggi yangiliklar, raqamlashtirish jarayonlari hamda yosh tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan aniq va tushunarli javoblar oldilar.
Mazkur uchrashuv bitiruvchi yoshlarning kelajakdagi faoliyatiga yo‘nalish berish, ularni faol va mas’uliyatli fuqarolar sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.