Angren universiteti - Qirg’izistonda joylashgan Adam universitetining O’zbekistondagi ilk hamkoriga aylandi!
Joriy yilning 30-yanvar sanasida, rasmiy taklifga binoan, Angren universitetining Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori R.Abduraxmonova Qirg’iziston Respublikasining poytaxti, Bishkek shahrida joylashgan Adam universitetiga shaxsan tashrif buyurdilar. Ikki OTM vakillari kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik loyihalari yuzasidan muzokara olib borishdi va uchrashuv so’ngida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga binoan, endilikda tomonlar o’rtasida talabalar va o’qituvchi-professorlar almashinuvini yo’lga qo’yish, asosiy e’tiborni Davolash ishi yo’nalishiga qaratgan holda onlayn darslar va qo’shma xalqaro olimpiadalar tashkil etish, xalqaro jurnallarda qo’shma maqolalar chop etish, qo’shma konferensiyalar uyushtirish shuningdek, Erasmus Mundusning KA1 yo’nalishi bo’yicha xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirish kelishildi. Bundan ko’zlangan maqsad ikki hamkor universitetlarning kelajakdagi ulkan yutuqlari uchun zamin yaratish hamda qo’shni davlatlar hamdo’stligini yanada mustahkamlashdan iborat.
Ma’lumot uchun:
• Adam universiteti 1994-yilda tashkil etilgan.
• 2005-yilda mintaqaviy intitutsional ijtimoiy va kasbiy akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o’tgan va CAMEQ oltin sifat belgisini olgan Markaziy Osiyodagi birinchi universitetlardan biri hisoblanadi.
• Universitetda Tibbiyot, Informatsion texnologiyalar, Turizm, Iqtisodiyot, Menejment va biznes boshqaruvi kabi yo’nalishlar mavjud.
• Ayni vaqtda 800dan ziyod xorijiy talabalar ulushiga ega bo’lgan Adam universiteti bu yil 30yillik yubileyini nishonlash arafasida!