Iordaniya Angren universitetining navbatdagi xalqaro hamkoriga aylandi! 

Angren universiteti Xalqaro hamkorlik bo’limi vakillari Dubay shahrida bo’lib o’tgan “The 2023 UI GreenMetric World University Rankings” konferensiyasi davomida butun dunyodan kelgan universitetlar vakillariga Angren universitetini tanishtirib o’tishdi. 

Yuksak natija o’laroq, ular Iordaniyaning eng nufuzli universitetlari qatoridan o’rin olgan Jadara universiteti bilan anglashuv memorandumi imzolashga muvaffaq bo’lishdi.  

Jadara universiteti 2004-yilda Iordaniyaning Irbid provinsiyasida tashkil etilgan bo’lib, ayni vaqtda universitetda 2000dan ziyod xorijiy talabalar tahsil olishmoqda. 

Jadara universiteti 2024 Arab mintaqalari reytingida #171-200, The Impact xalqaro reytingida #401-600 o’rinda, UI GreenMetric “yashil” universitetlar reytingida #182 o’rinda. 

Universitet Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi, Islom ta’lim olami Fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Arab universitetlari assotsiatsiyasiga a’zo hisoblanadi. 

Uchrashuv so’ngida Jadara universitetining prezidenti professor Iman Bashati xonim Angren universiteti Xalqaro hamkorlik bo’limi prorektori Abduraxmonova Ruxsora Sobirovnaga universitet nomidan maxsus esdalik sovg’alarini topshirdilar.

30dan ortiq yo’nalish dasturlarini taqdim etadigan bu universitet bilan boshlangan hamkorlik universitetimiz talabalariga ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi, desak mubolag’a bo’lmaydi.