Angren universiteti jamoasi Navro‘z saylida ishtirok etdi


Navro‘z — qalblarga quvonch, olamga yangilanish va yasharish olib kiruvchi betakror ayyom. Angren shahrida ko‘klamning, Navro‘zi olamning kirib kelishi katta-yu kichik tomonidan iliq kutib olindi. Xususan, “Yashil makon” loyihasida bog‘-rog‘, gul-u gulzorlar uchun turli dov-daraxt, rango-rang chechak va rayhonlar ekildi.


Angren universiteti ushbu jarayonda odatdagidek  yetakchilar qatorida bo‘ldi. “Yoshlar bog‘i”da, ta’lim muassasasi hududida yashil maydonlar kengayishida talabalar va jamoaning ulushi katta. “Yoshlar bog‘i”da o‘tkazilgan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” g‘oyasini singdirishda universitet ziyolilari, ma’rifat va ma’naviyatchilari milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etishdi. Iste’dodli yoshlar tadbir sahnasida iqtidor va mahoratlarini namoyish etishdi. Universitetning o‘qituvchilari hamda faol talaba yoshlari Navro‘z saylida barchaga namuna bo‘lishgan bo‘lsa, ajab emas.